• Teatr delegatsiyasi Gruziyadagi yubiley bayramlarida

    Bizning teatrimiz vakillari Zulfiya Xamrayeva va Malika Iskandarova O’zbekiston nomidan Gruziyaga, Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi davlat markaziy Yosh tomoshabinlar teatrining 90 yillik yubiley tantanalarida ishtirok etish uchun jo’nab ketishdi. Oldinda hamkorlikda yaratiladigan spektakllar kutilmoqda!

    Ushbu tadbirda ishtirok etish va kelajakdagi hamkorlikka ko’rsatilgan yordam uchun O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va shaxsan vazir Baxtiyor Sayfullayevga minnatdorchiligimizni bildiramiz.
    Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi davlat markaziy Yosh tomoshabinlar teatri 1998 yilda gruzin va rus yosh tomoshabinlar teatri, hamda qo’g’irchoq teatrlarining birlashtirilishi natijasida tashkil etilgan.
    Tbilisidagi rus yosh tomoshabinlar teatri 1927 yilda tashkil etilgan. Teatrning birinchi badiiy rahbari Nikolay Marshak bo’lib, u Gruziya va Kavkazorti davlatlarida yosh tomoshabinlar teatri asoschisi hisoblanadi. Aynan mana shu teatrda Georgiy Tovstanogov o’zining aktyorlik ijodini boshlagan.
    Gruzin yosh tomoshabinlar teatri ham 1928 yilda Aleksandre Takaishvili tomonidan tashkil etilgan bo’lib, juda kop taniqli aktyorlar, rejissyorlar va rassomlar bilan hamkorlik qilgan. Ular orasida Yelena Axvlediani katta ahamiyatga ega.
    Bugungi kunda Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi davlat markaziy yosh tomoshabinlar teatrining uchta mustaqil: katta, kichik va tajriba sahnalarida zamonaviy va klassik asarlar ijro etib kelinmoqda. Teatr spektakllari bolalar va kattalarga mo’ljallangan bo’lib, rus va gruzin tillarida taqdim etiladi. Teatrning badiiy rahbari – rejissyor Dmitriy Xvtisiashvili.