• ASSITEJ O’zbekiston

    Bizda endi ASSITEJ O’zbekiston bor!
    Teatrimizning to’qson yillik tantanalarini nishonlash arafasida ASSITEJ – Xalqaro bolalar va o’smirlar teatrlari assotsiatsiyasi safiga rasman qabul qilinganligimiz to’g’risida xabar oldik. Endi teatrimiz qoshida ushbu tashkilotning Milliy markazi – ASSITEJ O’zbekiston faoliyat yuritadi. Milliy markaz o’z oldiga mahalliy va dunyo teatrining rivojlanishi va unga e’tiborning kuchayishida faol tashabbuschi sifatida ishtirok etishni maqsad qilib qo’ygan. Ushbu maqsad yo’lidagi eng muhim tadbirlardan biri 2019 yilning fevral oyida ASSITEJ ASIA MEETING – tashkilotga a’zo Osiyo davlatlari mutaxassislarining Toshkentdagi uchrashuvidir. Ushbu tadbirda 30ta davlatdan 60dan ortiq mutaxassislar ishtirok etilishi kutilmoqda. Ushrashuvning asosiy mavzusi bolalarga mo’ljallangan tomoshalar uchun yosh chegarasini aniqlash me’zonlarini ishlab chiqish va o’zaro hamkorlik hamda ijodiy safarlarni tashkil etish imkoniyatlari haqidadir. Bundan tashqari uchrashuv dasturiga mahalliy teatrlarning spektakllari namoyishi va tarixiy qadamjolarga sayohat ham kiritilgan.