• “XXI asr bolalari” birinchi xalqaro bolalar teatrlari+IT festivali

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22.12.2023 sanasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida respublika teatrlariga zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan ishlash taklifini bildirdi. Shu munosabat bilan Madaniyat vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida joriy yilning 25-30 aprel kunlari mamlakatimizda ilk marotaba “XXI asr bolalari” birinchi xalqaro bolalar teatrlari+IT festivali o‘tkazilmoqda.
    Mazkur festivalni o‘tkazishdan maqsad madaniyat va IT sohalarini birlashtirish, kelajak avlod tarbiyasi va shaxs kamolotida ijodiy salohiyatni rivojlantirishdan iborat. Qolaversa, zamon talablaridan kelib chiqqan holda, teatr sahnalarida dolzarb mavzulardagi asarlarni yaratish, zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan oqilona foydalangan holda badiiy jihatdan yuksak spektakllar namoyish etish muhim bo‘lib qoldi.
    Festivalda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya, Belarus, Kipr, Qalmog‘iston Respublikasi (Rossiya) davlatlaridan 60 ga yaqin ijodkorlar ishtirok etadi. Dasturdan rasmiy ochilish marosimi, OAV ishtirokida xalqaro matbuot anjumani, IT mavzusiga bag‘ishlangan spektakllar namoyishlari, ijodiy davra suhbatlari, fotosessiyalar o‘rin olgan.
    Mamlakatimizda ilk marotaba o‘tkazilayotgan “XXI asr bolalari” birinchi xalqaro bolalar teatrlari+IT festivali madaniy hayotimizdagi katta voqea bo‘lishi kutilmoqda.